24.05.2024
Yangi imkonlarga eshik ochib — yangi ijodlarga ilhom, yangi gʻoyalarga poydevor, yangi-yangi loyihalarga turtki boʻlayotgan, kundan kun yashnab borayotgan Yangi Oʻzbekiston bugun haqiqatdan ham tanib boʻlmas darajada oʻzgardi.
Ijobiy yangiliklar har doim kata quvonch bilan qarshi olinganidek, yurtimizdagi bu yangilanishlar har bir oʻzbek xalqi uchun birdek ilhombaxsh surat oldi. Oʻz imkoniyatidan kelib chiqqan holda, har bir fuqaro jon-jonidan yangilanayotgan yurtimizga oʻz hissasini qoʻshishga chogʻlandi. Hatto chekka hududlarda yashovchi fuqarolarimiz ham chetda qolgani yoʻq. Ana shunday chekka hududlardan biri bizning Xorazm viloyatida joylashgan boʻlib, hudud markazdan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan. “Sarimoy” deb nomlangan bu mahallada ham barcha sohada kata oʻzgarishlar, yangilanishlar talaygina. Mahallada olib borilayotgan ishlarni bir-bir sanashni emas, mahalla boʻylab sayr qilganda koʻrsatishni maʼqul topdik.
Davlatimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalangan Gulshodaxon Atayeva 2020-yil avgust oyida 70 million soʻm subsidiya evaziga “Sarimoy turkman gilamlari ishlab chiqarish kooperativi” nomli korxonani tashkil etdi. Dastavval shu mahallada yashovchi “Ayollar daftari”da roʻyxatda turgan 30 nafar xotin-qiz shu kasb boʻyicha ish oʻrgandi. Korxonaga 10 ta gilam toʻqish uskunasi olib kelindi va ish boshlandi. Tabiiyligi bilan, yorqin va oʻziga xos bezaklari bilan ajralib turadigan, asosan qoʻy junidan tayyorlangan iplardan toʻqilgan bu gilamlar savdoda oʻz oʻrnini topa oldi. Jumladan Saudiya Arabistonining “Alwaleed Philanthropies” xayriya fondi ushbu korxona uchun 150 ming dollar miqdorida pul ajratib shartnoma imzoladi.
Bir qator OAV vakillari va blogerlar Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumaniga tashrif buyurib, uy sharoitida qoʻlda gilam toʻqish korxonasida boʻldi. Tashrif davomida korxona ishchilari bilan oʻquv seminarlar tashkil etildi. Bir-biridan chiroyli, kishini oʻziga jalb qilib jilolanayotgan, inson qoʻli bilan yaratilgan bu moʻjizalar ishtirokchilarga katta taassurotlar qoldirdi.
— Kelgusidagi eng birinchi rejamiz, gilamlarimizni chet ellarga eksport qilish, dedi “Sarimoy Turkman gilamlari” korxona rahbari Gulshoda Atayeva oʻziga ishonch va faxr bilan. — Shuning uchun junga boʻlgan ehtiyojimizni qoplash maqsadida qoʻychilik va echkichilikni rivojlantiramiz. Ustoz-shogird anʼanalari asosida shogirdlar tayyorlab, ishchi oʻrinlarni kengaytiramiz! “Intilganga tole yor” degani shu boʻlsa kerak. Oʻz harakatlari bilan roʻzgʻor uchun ish boshlagan bu ayol yurt manfaatini ham nazardan qoldirmadi. Aholi bandligiga koʻmaklashish bilan birga oʻz imkoniyatlarini yurtdoshlari bilan baham koʻrdi.