05.09.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Damas va Labo avtomobillari ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha bergan topshirig‘iga asosan, “UzAuto Motors” AJ Xorazm viloyati filialining ishlab chiqarish quvvatini yiliga 150 ming avtomobilga oshirish belgilangan edi.
Ushbu topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida 2023-yil aprel oyidan boshlab Labo liniyasi, Roll forming va Slitting line jihozlarini o‘rnatish uchun yangi binoni qurish ishlari boshlandi.
Yangi binoni barpo etish, qurilish montaj ishlari bajarish, muhandislik kommunikatsiyalari o‘tkazish, jihoz va uskunalarni o‘rnatish ishlari qisqa muddat ichida amalga oshirildi.
Loyiha bo‘yicha bu ishlarni amalga oshirish 2023-yilning oktabr oyida bajarish belgilangan edi. Amalda esa qurilish va o‘rnatish ishlari 2023-yilning avgust oyida yakunlanib, mustaqilligimizning 32 yillik tantanalariga munosib sovg'a bo'ldi. Yangi binoning umumiy maydoni 2500 metr kvadratni tashkil qiladi.
Binoda o‘rnatilgan Labo liniyasida Labo avtomobilining shtamplangan butlovchi qismlarini payvandlash ishlari bajarilib, natijada to‘liq Labo kuzovi o'zlarimizda ishlab chiqarila boshlandi. Liniya quvvati esa soatiga oldingi 2 tadan 5 ta Labo kuzovi ishlab chiqarishga oshirildi.
Yangidan o‘rnatilgan Roll forming jihozida Labo avtomobilining bo‘rt qismlari ishlab chiqariladi. Jihoz yiliga 20 ming Labo avtomobili uchun bo‘rt qismlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Roll forming jihozini o‘rnatish loyihasini amalga oshirish hisobiga yillik 2,3 mln. AQSH dollarlik import mahsulotlarini sotib olishning oldi olinadi, 0,5 mln. AQSH dollarlik material harajatlaridan va 0,6 mln. AQSH dollarlik tashish harajatlaridan iqtisod qilinadi.
Yangidan o‘rnatilgan Slitting line jihozida po‘lat o‘ramlarni kesish ishlari bajariladi. Jihoz yiliga 15 ming tonna po‘lat o‘ramni kesish quvvatiga ega. Slitting line jihozini o‘rnatish loyihasini amalga oshirish hisobiga 45 ming AQSH dollarlik po‘lat o‘ramlarini kesish xizmati harajatlaridan va 955 ming AQSH dollarlik tashish harajatlaridan (500 tn dizel yoqilg‘i) iqtisod qilinadi.
Yangi ishlab chiqarish liniyalarini tashkil etish hisobiga "UzAuto Motors" AJ Xorazm viloyati filialida 205 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Ushbu yangi sexni ochilish marosimida korxonamiz ishchi xodimlari, quruvchi tashkilot xodimlari ishtirok qilishdi. Filialimiz boshqaruvchi direktori barcha qatnashchilarga yangi ochilgan sexlar haqida batafsil ma'lumot berdi.
Ochilish marosimi yakunida qurilish ishlarida jonbozlik ko'rsatganligi uchun qurilish sohasi vakillariga korxonamiz tomonidan estalik sovg'alar taqdim qilindi.
Mehnat faxriylari, quruvchi tashkilot rahbarlari so'zga chiqib, korxonamizda mehnat qilayotgan barcha xodimlarni yangi qurib bitkazilgan sexning ishga tushirilgani bilan tabriklab, duolar qilishdi.